eye                     
   
 

Barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet el investorlari diqqatiga!

Davlat  raqobat qo'mitasi investitsiya kiritish majburiyati bilan “nol” xarid qiymatida xususiylashtiriladigan davlat aktivlari bo'yicha ochiq tanlov savdolariga taklif etadi. Murojaat uchun telefonlar: 259-21-38, 259-21-25, 233-22-56 (tanlov o'tkaziladigan sana va manzil yuklash)

(Xalq so'zi, 09.08.2016y., №153)

Mamlakatimizda taraqqiyotning “o'zbek modeli” deb nom olgan strategiya asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bugun jamiyat hayotining har bir jabhasida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Buni istiqlolning 25 yillik davri mobaynida respublikamizda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish orqali ko'p ukladli iqtisodiyotni to'liq shakllantirish borasida qo'lga kiritilayotgan yutuqlarimiz ham tasdiqlaydi.

Ma'lumki, yurtimizda xususiylashtirish jarayoni mulkni haqiqiy mulkdorlarga berish, iqtisodiy munosabatlarni tubdan o'zgartirish uchun real shart-sharoitni yaratish, yangi ish o'rinlarini tashkil etish, iqtisodiyotda ko'p ukladlilikni hamda raqobat muhitini shakllantirish orqali davlatning mulkka bo'lgan monopol huquqini tugatish, turli mulkchilik shaklidagi korxonalarni barpo qilishdek strategik vazifalarni bajarishga qaratilgan.

Mustaqillik yillarida bir necha bosqichda va dasturiy yondashuv asosida amalga oshirilgan xususiylashtirish jarayonining asosiy maqsadi ayni shu vazifalar ijrosiga qaratildi. Ayniqsa, uning 2000-yillarning boshidan bugungi kungacha davom etayotgan bosqichida yonilg'i-energetika, metallurgiya, kimyo, yengil sanoat hamda shu kabi boshqa strategik tarmoqlardagi yirik korxonalarni chet el investitsiyalarini keng jalb qilgan holda, yakka loyihalar asosida olib borilganini alohida ta'kidlash joiz. Mazkur bosqichda xususiylashtirilgan ob'ektlar negizida import o'rnini bosuvchi, eksport¬ga mo'ljallangan raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar barpo etildiki, bugungi kunda ular mamlakatimizni jahonga tanitmoqda, desak, mubolag'a emas. Bu yurtimizda davlat mulkini xususiylashtirish jarayoni chuqur va puxta o'ylangan, mashhur besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot dasturiga mos ravishda izchillik bilan amalga oshirilganligining yorqin ifodasidir.

Quvonarlisi, hozirgi paytda davlat mulkini sotib olishga istak bildirgan barcha tadbirkor uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. Bunda, albatta, Kons¬titutsiyamizda mustahkamlab qo'yilgan har bir shaxs mulkdor bo'lishga haqli ekanligi, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiyot negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, barcha mulk shaklining teng huquqliligi hamda huquqiy jihatdan baravar muhofaza qilinishi kabi kafolatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. O'tgan yillarda bu borada erishilgan natijalarning yana bir alohida jihati, bu — xususiy mulkning boshqa mulk shakllari kabi davlat himoyasiga olinib, uning har tomonlama mustahkamlanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilganidir.

Umuman olganda, xususiylashtirish masalasi davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo'nalishi bo'lib, mazkur sohadagi normativ-huquqiy bazani muntazam ravishda takomillashtirishga, to'plangan amaliy tajribani boyitishga jiddiy ¬e'tibor qaratilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2014-2015 yillar davomida sohaga oid qabul qilingan bir qator qarorlari katta ahamiyatga ega bo'ldi. Ushbu hujjatlarda bo'sh turgan 2000 dan ortiq davlat mulki ob'ektidan samarali foydalanish choralari ko'rilishi belgilangan.

Bundan tashqari, davlat aktivlarini xususiylashtirishda narxni pasaytirishning yangi mexanizmlari tatbiq etila boshlandi. Jumladan, ular ¬bahosini 50 foizgacha, oyiga

10 foizdan pasaytirish mexanizmi joriy etildi.

Aytish joizki, tadbirkorlik sub'ektlarining xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan davlat korxona va ob'ektlarini sotib olishga qiziqishi ¬tobora kuchaymoqda. Buning ¬asosiy sabablaridan biri, bu investor uchun yaratilgan turli imtiyozlardir. Misol uchun, ¬ayrim davlat mulkidan ijara asosida foydalanayotgan hamda o'z majburiyatlarini talab darajasida bajarayotgan tadbirkorlarga mazkur mulkni sotib olishda ustunlik huquqlari berilgan. Ushbu qulayliklar va yengilliklar xususiylashtirish dasturlari ijrosini ta'minlash hamda ko'zlangan maqsad va vazifalarni hal etishda o'z samarasini bermoqda.

Agar 2010 — 2013 yillarda o'rtacha yillik xususiylashtirilgan davlat aktivlari soni 100 tani tashkil qilgan bo'lsa, 2014 yilda mazkur ko'rsatkich 288 tani, 2015 yilda esa

848 tani tashkil etdi. Jumladan, 2015 yilda 570 ta davlat mulki ob'ekti tadbirkorlik sub'ektlariga investitsiyaviy hamda ijtimoiy majburiyatlar evaziga “nolь” xarid qiymatida berildi. Jami tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari ¬bo'yicha olingan investitsiyaviy majburiyatlar 1,1 trln. so'm va 49,3 mln. AQSH dollarini, yaratiladigan ish o'rinlari soni 23 mingtadan ziyodni tashkil qildi.

Bugungi kunda xususiylash¬tirishdan ko'zlangan asosiy maqsadimiz korxonalarda ¬modernizatsiyalash jarayonlarini jadallashtirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, ¬korporativ boshqaruv hamda ¬menejmentning zamonaviy usullarini joriy etish asnosida yangi turdagi raqobatdosh, eng muhimi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish o'zlash¬tirilishini ta'minlashdir.

Bu borada qator yutuqlarga erishilayapti. Aytish joizki, xususiylashtirilgan ob'ektlar negizida tashkil qilingan korxonalarda jahon standartlariga muvofiq, tashqi bozorlarda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Masalan, Xorazm viloyatining Bog'ot tumanidagi qurilishi tugallanmagan to'qimachilik fabrikasi negizida ish boshlagan “Xorazmteks” MCHJga investor tomonidan jami 11,5 mlrd. so'mlik sarmoya kiritilib, 200 dan ziyod yangi ish o'rinlari barpo etildi. Bu yerda paxta xom ashyosi qayta ishlanib, tayyorlanayotgan kalava ipning 50 foizidan ortiq qismi eksportga yo'naltirilgani diqqatga sazovordir.

Bugungi kunda xususiylashtirish jarayonining yana bir e'tiborli jihati davlat va xo'jalik boshqaruvi organlariga tegishli ulushlarning ommaviy savdolarga qo'yilishi hamda ularga chet ellik sarmoyadorlarning jalb etilishidir.

Bu borada bir qator tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. 2015 yilning noyabrь oyida Toshkent shahrida tashkil qilingan ¬Xalqaro investitsiya forumi hamda 2016 yilning aprelь ¬oyida Janubiy Koreyaning Seul shahrida o'tkazilgan, mamlakatimizdagi qulay biznes muhiti va investitsiya kiritish imkoniyatlarini keng targ'ib etishga qaratilgan xalqaro investitsiya forumi shular jumlasidandir. Natijada bir qator aksiya ¬paketlari hamda ulushlari xorijiy investorlarga sotildi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, bo'sh turgan davlat ob'ektlarini xususiylashtirish bilan hamohang tarzda aksiyadorlik jamiyatlari hamda korxonalarga xorijiy investorlarni jalb qilish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlar 2014-2015 yillarda davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki iqtisodiy asoslangan darajada bo'lishi va xususiy mulkdorlar hissasining ko'payishiga qulay zamin hozirladi.

Xususiylashtirish jarayonining yanada samarali kechishi uchun qulay shart-sharoit hamda imtiyozlar yaratilgan. Zero, bugun mamlakatimizda xususiy mulkning daxlsizligi hamda xususiylashtirish natijalari qayta ko'rib chiqilmasligi kabi masalalar qonun bilan kafolatlangan.

Bularning barchasi davlatimizda amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy o'zgarishlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy, me'yoriy-huquqiy hamda amaliy jihatdan ustuvor rolini ta'minlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilganligining yaqqol ifodasidir.

Azizjon QAHHOROV,

Davlat raqobat qo'mitasi

bosh mutaxassisi.

??????? Orphus