eye                    
   
 

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI QIMMATLI QOG'OZLARNI MUOMALAGA KIRITISH KVOTALARI VA TARTIBI TO'G'RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

 

(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2014 y., 34-son, 437-modda)

«Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash to'g'risida» 2013 yil 15 iyuldagi PQ-2003-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Qimmatli qog'ozlarni muomalaga kiritish kvotalari va tartibi to'g'risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIYOEV

Toshkent sh., 2014 yil 20 avgust, 239-son Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 avgustdagi 239-son qaroriga ILOVA

I. Umumiy qoidalar 

1. Ushbu Nizom «Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga muvofiq:

O'zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni O'zbekiston Respublikasi hududida;

O'zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va muomalaga kiritish kvotalari va tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlar davlat tomonidan olinishi hollariga tatbiq etilmaydi.

Banklar O'zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishi xususiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

qimmatli qog'ozlarni nominal saqlovchi — qimmatli qog'ozlar egalarining reestrida ro'yxatdan o'tkazilgan, qimmatli qog'ozlarning egasi bo'lmagan holda boshqa shaxsning (qimmatli qog'ozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning) topshirig'iga binoan qimmatli qog'ozlarni saqlash, hisobga olish va ularga bo'lgan huquqlarni tasdiqlashni amalga oshiruvchi depozitariy;

norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari — mulk huquqi depozitar tilxat bilan tasdiqlanadigan O'zbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan chiqarilgan aksiyalar va korporativ obligatsiyalar;

O'zbekiston depozitar tilxati (O'DT) — nominal qiymatga ega bo'lmagan, norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari muayyan soniga mulk huquqini tasdiqlaydigan va uning egasining depozitar tilxatning o'rniga uning emitentidan norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari muayyan sonini olishni va depozitar tilxat egasi tomonidan norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari bilan mustahkamlangan huquqlarni amalga oshirishi bilan bog'liq xizmatlar ko'rsatishni talab etish huquqini mustahkamlovchi qimmatli qog'ozning hosilasi;

vakolatli davlat organi O'zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo'mitasi huzuridagi Qimmatli qog'ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi;

norezidentning qimmatli qog'ozlari — O'zbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan aksiyalar va korporativ obligatsiyalar shaklida chiqarilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlar;

rezidentning qimmatli qog'ozlari — O'zbekiston Respublikasining rezidenti tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlar;

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi (Markaziy depozitariy) — depozitariylarda depo hisobvaraqlari bo'yicha emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni saqlash, bunday qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish va emissiyaviy qimmatli qog'ozlar harakati yagona tizimini ta'minlovchi davlat depozitariysi.

3. Markaziy depozitariy ushbu Nizomda belgilangan tartibda:

O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtiriladigan va muomalada bo'ladigan norezidentlarning qimmatli qog'ozlarini va O'DTni;

O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtiriladigan va muomalada bo'ladigan rezidentlarning qimmatli qog'ozlarini saqlaydi va ularga bo'lgan huquqlarni hisobga oladi.

 

II. Norezidentning qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishi tartibi

 

4. Norezidentning qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishiga ayni bir vaqtda quyidagi shartlarga rioya qilinganda:

norezidentning qimmatli qog'ozlari O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlar turlari tushunchalariga muvofiq bo'lganda;

norezidentning qimmatli qog'ozlari qimmatli qog'ozlarni identifikatsiyalashtirishning xalqaro kodiga (ISIN) va moliyaviy vositalarni tasniflashning xalqaro kodiga (CFI) ega bo'lganda;

norezidentning qimmatli qog'ozlari ular emitentining kelib chiqish mamlakati xorijiy birjasida listing tartibotidan o'tgan va ko'rsatib o'tilgan birjaning birja kotirovkasi ro'yxatiga kiritilgan bo'lganda;

ta'sis etish joyi Qimmatli qog'ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti va Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo'yicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhining (FATF) to'liq huquqli a'zosi hisoblangan davlatda bo'lgan, shuningdek O'zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari mavjud bo'lgan mamlakat rezidenti hisoblangan tashkilot emitent bo'lganda;

imtiyozli rejim taqdim qiluvchi va (yoki) moliyaviy operatsiyalarni o'tkazishda axborot oshkor qilinishi va taqdim etilishini nazarda tutmaydigan davlatda va (yoki) hududda (offshor zonalarda) ta'sis etilgan tashkilot emitent hisoblanmaganda;

emitent ushbu emitent kelib chiqqan mamlakat qonunchiligiga muvofiq moliyaviy tashkilot hisoblanmaganda yoxud emitent O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq moliyaviy tashkilot sifatida qaralmaganda;

emitentning faoliyat ko'rsatish muddati u ta'sis etilgan kundan boshlab kamida o'n yilni tashkil etganda;

emitent keyingi uch yil mobaynida rentabellik, to'lovga qobiliyatlilik, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning auditorlik tashkiloti xulosalari bilan tasdiqlangan ijobiy ko'rsatkichlariga ega bo'lganda, shuningdek xalqaro reyting agentliklarining mustaqil reyting bahosiga ega bo'lganda;

Markaziy depozitariy, emitent va norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlariga bo'lgan huquqlarni hisobga oluvchi xorijiy depozitariy o'rtasida O'DT chiqarishni tashkil etish to'g'risidagi shartnoma mavjud bo'lganda yo'l qo'yiladi.

5. O'zbekiston Respublikasi hududida norezidentning qimmatli qog'ozlarini joylashtirishga ushbu turdagi (toifadagi, tipdagi) chiqarilgan qimmatli qog'ozlar umumiy sonining 25 foizidan ortiq bo'lmagan hajmda ushbu qimmatli qog'ozlarni ifodalaydigan O'DTni chiqarish orqali yo'l qo'yiladi. Bunda O'DT vakolatli davlat organi tomonidan davlat ro'yxatidan o'tkazilishi kerak.

Markaziy depozitariy O'DT emitenti bo'lishi mumkin.

6. O'DT ushbu Nizomda va fond birjasi qoidalarida belgilangan tartibda listing tartibotidan o'tmasdan fond birjasida joylashtirilishi va muomalada bo'lishi mumkin.

7. Bir chiqarishdagi O'DT faqat bir emitentning va ularning bir turining (toifasining, tipining) taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlariga, shuningdek taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlarga huquqlar bir xil hajmlarda bo'lganda va ularni chiqarish shartlarida mulk huquqini tasdiqlashi mumkin.

8. O'DT emissiyasi jarayoni quyidagi bosqichlarni o'z ichiga oladi:

O'DTni chiqarish to'g'risida qaror qabul qilish va tasdiqlash;

O'DTga identifikatsiya raqami bergan holda uning chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazish;

O'DTni joylashtirish.

9. Markaziy depozitariyning O'DTni chiqarish to'g'risidagi qarorida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

1) Markaziy depozitariyning to'liq nomi, bank rekvizitlari, u joylashgan joy va pochta manzili, shuningdek rasmiy veb-sayt va elektron pochta manzili;

2) O'DTni chiqarish to'g'risida qaror qabul qilingan va tasdiqlangan sana;

3) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari emitentining nomi va turgan joyi, shuningdek uni yuridik shaxs sifatida identifikatsiyalash imkonini beruvchi boshqa ma'lumotlar;

4) norezidentning qimmatli qog'ozlari emitenti ta'sis hujjatlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari;

5) norezidentning qimmatli qog'ozlari emitentining aloqa qilish uchun ma'lumotlari, uning pochta manzili va elektron pochta manzili, shuningdek rasmiy veb-sayti;

6) norezidentning qimmatli qog'ozlari emitenti rahbari to'g'risidagi qisqacha ma'lumot, shu jumladan uning to'liq nomi, fuqaroligi, aloqa qilish uchun ma'lumotlar;

7) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlarining turi, toifasi (tipi);

8) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari bilan mustahkamlangan huquq va majburiyatlar;

9) emitent ustav kapitalining 5 foizidan ortiqqa egalik qiluvchi emitentning aksiyadorlari (ishtirokchilari) to'g'risidagi ma'lumotlar, shu jumladan to'liq (qisqartirilgan) nomi (ismi), ularning kelib chiqish mamlakati (fuqaroligi), aloqa qilish uchun ma'lumotlar;

10) ularga bo'lgan mulk huquqi ushbu chiqarilishdagi bir O'DT bilan tasdiqlanadigan norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari soni;

11) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlarini hisobga oluvchi va ularga bo'lgan huquqlarni tasdiqlovchi xorijiy depozitariyning to'liq nomi, uning bank rekvizitlari, joylashgan joyi (davlatning nomi) va pochta manzili, shuningdek rasmiy veb-sayt va elektron pochta manzili;

12) O'DTni joylashtirish shartlari;

13) O'DT egalarining huquqlari, shuningdek norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari bilan mustahkamlangan huquqlarning O'DT egalari tomonidan amalga oshirilishi (realizatsiya qilinishi) tartibi;

14) Markaziy depozitariyning O'DT egasining talabi bo'yicha norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari tegishli sonini taqdim etish yoki realizatsiya qilish va O'DTni realizatsiya qilishdan tushgan pul mablag'larini O'DTning egasiga berish majburiyati;

15) Markaziy depozitariyning, agar O'DT egasi O'zbekiston Respublikasi yoki xorijiy davlat qonunchiligiga muvofiq norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari egasi hisoblanishi mumkin bo'lmasa, O'DT egasi uni so'ndirishni talab qilgan taqdirda norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari tegishli sonini realizatsiya qilish majburiyati;

16) agar norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari aksiyalar bo'lsa — O'DT egalari tomonidan Markaziy depozitariyga ovoz berish tartibi to'g'risida ko'rsatmalar berish (yuborish) tartibi va Markaziy depozitariyning O'DT egalari ko'rsatmalariga muvofiq bo'lgandan boshqacha bo'lmagan tarzda ovoz berish huquqini amalga oshirishni ta'minlash majburiyati, shuningdek ovoz berish yakunlarini O'DT egalariga taqdim etish bo'yicha majburiyat;

17) Markaziy depozitariyning vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan hajmda, tartibda va muddatlarda axborotni oshkor qilish majburiyati;

18) Markaziy depozitariyning norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari sonining muomaladagi O'DT soniga muvofiqligini ta'minlash majburiyati;

19) Markaziy depozitariyning norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari bo'yicha huquqlar O'DT egalari tomonidan amalga oshirilishi yuzasidan xizmatlar ko'rsatish majburiyati, shu jumladan ushbu qimmatli qog'ozlar egalari olishi kerak bo'lgan daromadlarni (dividendlar, foizlarni) va boshqa to'lovlarni olish, shuningdek bunday xizmatlar ko'rsatish tartibi va shartlari;

20) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari bo'yicha O'DT egalariga tegishli bo'lgan to'lovlarni amalga oshirish muddati;

21) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari emitentining O'DT egalari oldidagi majburiyatlari to'g'risidagi axborot;

22) O'DTni saqlash, hisobga olish va unga bo'lgan huquqlarning o'tishi tartibi;

23) O'DT bo'yicha majburiyatlarni ijro etish uchun O'DT egalarining ro'yxatini tuzish tartibi va muddatlari;

24) O'DTni maydalash imkoniyati va tartibi;

25) O'DTni sotib olish bilan bog'liq bo'lishi mumkin bo'lgan tavakkalchiliklar.

Yuqorida bayon qilinganlar bilan birgalikda, agar norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari obligatsiyalar va boshqa qarz qimmatli qog'ozlari bo'lsa, Markaziy depozitariyning O'DTni chiqarish to'g'risidagi qarorida O'DTni so'ndirish mexanizmi belgilanishi kerak.

10. O'DTni chiqarish to'g'risidagi qarorda O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa ma'lumotlar ham bo'lishi mumkin.

11. O'DTni chiqarishni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro'yxati, shuningdek O'DT emissiyasi risolasiga qo'yiladigan talablar vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.

12. Davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni ko'rib chiqish uchun ariza berilgan sanada O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida yig'im undiriladi. Undiriladigan yig'im summasi vakolatli davlat organining hisob raqamiga o'tkaziladi.

13. O'DTni chiqarishni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan ular taqdim etilgan sanadan boshlab o'ttiz ish kuni mobaynida ko'rib chiqiladi. Emitent tomonidan qo'shimcha hujjatlar taqdim etilgan taqdirda ularning ko'rib chiqish muddati yangidan hisoblanadi.

14. Quyidagilar:

O'DTni chiqarishni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun hujjatlarning to'liq turkumi taqdim etilmasligi;

emitent tomonidan norezidentning kelib chiqish mamlakatining qimmatli qog'ozlar to'g'risidagi qonunchiligi buzilganligidan, uning qimmatli qog'ozlarining legitim emasligidan, uning noqonuniy faoliyatidan yoxud u tugatish bosqichida turganligidan guvohlik beruvchi ma'lumotlar mavjudligi;

O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslar O'DTni chiqarishni davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etish uchun asoslar hisoblanadi.

15. O'DT ushbu Nizomning 4-bandida belgilangan talablarga muvofiq bo'lgan taqdirda uni O'zbekistonning fond birjasida joylashtirishga va muomalada bo'lishiga ushbu fond birjasining tegishli qarori asosida yo'l qo'yiladi.

16. O'DTni fond birjasida joylashtirishni tashkil etish anderrayting xizmatlari ko'rsatish to'g'risidagi shartnoma asosida anderrayter tomonidan amalga oshiriladi.

17. O'DTni joylashtirish va uning muomalada bo'lishi uni O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda Markaziy depozitariyda hisobga qo'yish yo'li bilan va Markaziy depozitariy bilan norezidentning qimmatli qog'ozlariga xizmat ko'rsatuvchi xorijiy depozitariy o'rtasida tuzilgan depozitariylararo o'zaro hamkorlik to'g'risidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari Markaziy depozitariy, xorijiy depozitariy va ushbu qimmatli qog'ozlar emitenti o'rtasida tuziladigan shartnoma asosida ularni saqlash va hisobga olish uchun Markaziy depozitariyga topshirilishi mumkin.

18. O'DTning qo'shimcha chiqarilishi davlat ro'yxatidan o'tkazilmaydi va O'DTni chiqarishning eng ko'p darajadagi sonini ko'paytirish yuzasidan O'DT chiqarish to'g'risidagi qarorga o'zgartirishlar kiritish yo'li bilan amalga oshiriladi, ushbu Nizomning 7-bandida belgilangan talablarga muvofiqligi sharti bilan u ayni bir vaqtda muomalada bo'lishi mumkin.

19. Vakolatli davlat organining qarori bo'yicha O'DTni O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish:

O'DTni chiqarish to'g'risidagi qarorda yoki O'DT emissiya risolasida, shuningdek norezidentlarning qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtirishga yo'l qo'yilishiga asos bo'lgan boshqa hujjatlarda noto'g'ri, to'liq bo'lmagan va (yoki) investorlarni chalg'itadigan axborotlar aniqlangan;

Markaziy depozitariy va (yoki) O'DT emissiya risolasini imzolagan investitsiya vositachisi, shuningdek anderrayter tomonidan ushbu Nizom va unga muvofiq qabul qilingan vakolatli davlat organining normativ-huquqiy hujjatlari talablari buzilgan;

vakolatli davlat organi tomonidan emitentning kelib chiqishi mamlakatida qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga soluvchi tashkilotdan emitent tomonidan mamlakat qonunchiligi, shu jumladan jinoiy faoliyatdan va terrorizmni moliyalashtirishdan olingan daromadlar legallashtirilishiga qarshi kurashish to'g'risidagi qonunchilik buzilganligi to'g'risida axborot, shuningdek norezidentning qimmatli qog'ozlarini joylashtirishni va ularning muomalada bo'lishini bekor qilish yoxud to'xtatib turish to'g'risida axborot olingan yoki ushbu qimmatli qog'ozlar emitenti faoliyati tugatilgan yoxud to'xtatib turilgan taqdirda to'xtatib turiladi.

20. O'DTni joylashtirish tugallangandan keyin Markaziy depozitariy vakolatli davlat organiga O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va muddatlarda ko'rsatib o'tilgan joylashtirish tugaganligi to'g'risidagi bildirishnomani taqdim etishi shart.

21. O'DTning O'zbekiston Respublikasi hududida muomalada bo'lishiga, agar norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari shartlarida chiqarilishni amalga oshgan deb e'tirof etish uchun emissiya hajmiga talablar mavjud bo'lmagan taqdirda, ushbu Nizomning 20-bandida ko'rsatilgan bildirishnoma taqdim etilgandan va uni O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish tugaganligi to'g'risidagi axborot oshkor qilingandan keyin yo'l qo'yiladi. 

III. O'zbekiston Respublikasi rezidentining qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishi tartibi

22. Rezidentning qimmatli qog'ozlari, agar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida o'zgacha hol belgilanmagan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ushbu turdagi (toifadagi, tipdagi) chiqarilgan qimmatli qog'ozlar umumiy sonining 25 foizidan ortiq bo'lmagan hajmda joylashtirilishi va muomalada bo'lishi mumkin.

23. Rezidentning qimmatli qog'ozlari O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirilishi va ularning muomalada bo'lishi, agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida o'zgacha hol belgilanmagan bo'lsa, tegishli mamlakatning xorijiy emitentlarning qimmatli qog'ozlari to'g'risidagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

24. Rezidentning qimmatli qog'ozlari O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ular joylashtirilishiga va muomalada bo'lishiga yo'l qo'yiladigan mamlakat qonunchiligiga muvofiq xorijiy depozitariy tomonidan chiqariladigan depozitar tilxatlar shaklida joylashtiriladi va muomalada bo'ladi.

25. Rezidentning O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirilgan qimmatli qog'ozlariga bo'lgan mulk huquqi O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Markaziy depozitariy tomonidan tasdiqlanadi.

26. Rezidentning — respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo'lgan, davlat ulushi bor bo'lgan xo'jalik jamiyatining qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishi Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalarida aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan oldindan ko'rib chiqilishi kerak.

27. Rezidentning O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtiriladigan qimmatli qog'ozlari Markaziy depozitariy tomonidan saqlanadi va hisobga olinadi.

Rezidentning qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirishda ushbu qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlar faqat ularni joylashtirishdan emitentning respublika tijorat bankidagi hisob-kitob raqamiga mablag'lar tushganligi emitent tomonidan Markaziy depozitariyga tegishli bildirishnoma yuborish yo'li bilan tasdiqlangandan keyin ularni ifodalaydigan depozitar tilxatlar egalariga o'tadi.

28. Markaziy depozitariy xorijiy depozitariy bilan tuzilgan tegishli shartnoma asosida depozitar tilxatlar egalariga rezidentning taqdim etiladigan qimmatli qog'ozlari mavjudligini tasdiqlaydi.

29. Xorijiy depozitariy emitent-rezidentning qimmatli qog'ozlari egalari reestrida qimmatli qog'ozlarning nominal saqlovchisi sifatida hisobga olinadi. 

IV. Yakunlovchi qoidalar

 

30. Iqtisodiyotga jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfiga yo'l qo'ymaslik yoki buni bartaraf etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi norezidentning qimmatli qog'ozlari turlarini, ularning soni va hajmini cheklashda ifodalanadigan norezidentning qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritishga qo'shimcha kvotalar belgilash yo'li bilan himoya choralarini qo'llashga haqlidir.

31. Tijorat banklari, sug'urta kompaniyalari, auditorlik tashkilotlari, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishiga qo'yiladigan qo'shimcha talablar ko'rsatib o'tilgan tashkilotlar faoliyatini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organlari tomonidan belgilanadi.

32. Norezidentning O'zbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritilgan qimmatli qog'ozlari bilan bog'liq investitsiya faoliyati doirasida sodir etiladigan kapitalning harakati bilan bog'liq valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga qo'yiladigan talablar O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.

33. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko'ra O'DTni chiqarish ushbu Nizom bilan Markaziy depozitariy uchun nazarda tutilgan tartibda tijorat banki tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

34. Norezidentning qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishini tashkil etishda ishtirok etuvchi shaxslar, teng darajada esa rezidentning qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada bo'lishini tashkil etishda ishtirok etuvchi shaxslar o'zlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda ko'rsatib o'tilgan qimmatli qog'ozlarning egalari oldida javob beradilar.

??????? Orphus